ABDOMINAL SEMIZLIKDA TOʻGʻRI OVQATLANISH TARTIBI

Abdominal semizlik bu bel sohasidagi yogʻlar hisobiga – ayollarda bel aylanasini 80 sm dan, erkaklarda 94 sm dan katta boʻlishidir. Bunday insonlarda tomirlar aterosklerozi, infarkt va insult, boʻlmachalar fibrillyatsiyasi, arterial gipertenziya, bepushtlik, saraton kasalliklari xavfi yuqori boʻladi.
Abdominal semizlik rivojlanishining asosiy sababi bu – isteʼmol qilingan ovqat bilan kirgan quvvatni sarf qilinadigan quvvatdan koʻpligidir. Maʼlumki, inson oʻzining faoliyati uchun ovqat orqali quvvat oladi, agar bu quvvat sarflanmasa, isteʼmol qilingan ovqat ortiqcha yogʻ toʻqimasi koʻrinishida avvalambor qorin sohasiga yigʻiladi. Yaʼni, bu degani koʻp ovqat isteʼmol qilib, kam harakat qilish abdominal semizlikka olib keladi. Shuning uchun, inson qanchalik koʻp quvvatli ovqatni koʻp isteʼmol qilsa va ovqat tarkibida semizlikka olib keluvchi moddalar koʻp boʻlsa, u shunchalik koʻp jismoniy faol boʻlib, bu quvvatni sarflashi lozim.
Qorin katta boʻlishi, yaʼni abdominal semizlik meʼyoriy tana vaznda ham boʻlishi mumkin. Ovqatlanish odatlariga surunkali psixoemotsional stress xam taʼsir qiladi, chunki salbiy his-tuygʻular ishtahani oshishiga sabab boʻlishi mumkin.
Abdominal semizlik aniqlash uchun oʻlchov santimetr lentasidan foydalanish mumkin. Bel aylanasi tos suyagining yuqori qirrasi va qovurgʻalarni pastki qirrasi oʻrtasidagi gorizontal chizigʻida oʻlchanadi.
Qorni katta insonlarda (abdominal semizlikda) ovqatlanishning asosiy qoidalari
- Har kuni 700-800 gr miqdorda xom hoʻlmeva, rezavorlar va sabzavotlar isteʼmol qilish, ular inson tanasini ozuqa tolalari bilan taʼminlaydi. Ularni butun donli mahsulotlar (butun donli bugʻdoy uni, javdar uni, arpa uni, suli, devzira guruchi, grechka va boshqalar) orqali ham qabul qilish mumkin.
- Oqsil manbai sifatida yogʻ darajasi kam sut mahsulotlari, 2-5%li tvorog, tuxum oqi, baliq va yogʻsiz xamda terisiz parranda goʻshti ishlatilishi lozim. Bundan tashqari, oʻsimlik oqsillarini (dukkaklilar, yasmiq, yongʻoq, karam, ismaloq, brokkoli va boshqalar) xam isteʼmol qilish muhimdir.
- Tez hazm boʻladigan oddiy uglevodlarni kamroq (turli xil shirinliklar, qandolat mahsulotlari va hokazo), uzoq hazm boʻluvchi foydali murakkab uglevodlarni (masalan, butun donlilar va boshqalar), aksincha koʻproq isteʼmol qilish tavsiya qilinadi.
- Toʻyingan yogʻlar (hayvon yogʻlari, transyogʻlar) isteʼmolini kamaytirish va poli- (zigʻir moyi, kungaboqar moyi, zaytun moyi) hamda monotoʻyinmagan yogʻlarni saqlovchi (sedana moyi, zaytun moyi, bodom moyi) isteʼmolini esa, aksincha oshirish.
Oziq-ovqat maxsulotlarining sifat va miqdoriy xususiyatlari
1-guruh - yuqori kaloriyali oziq-ovqat mahsulotlari (100 grammga 120 kkaldan koʻproq)
- Non mahsulotlari
- Qattiq pishloqlar
- Sariyogʻ, margarin
- Bulyon kubiklari
- Goʻshtli konservalar (tushenka, baliq konservalari)
- Yarim tayyor mahsulotlar (chuchvara, manti, chebureklar)
- Sosiska, kolbasalar
- Mayonez
- Smetana, qaymoq
- Tayyor pishiriqlar (tortlar, vaflilar, kruassan, pechenyelar)
- Asal, shokolad
- Pissalar, rollar, sushilar, burgerlar, shaurma
2 guruh - kam kaloriyali oziq-ovqat mahsulotlari (100 grammga 120 kkaldan kamroq)
- Butun donli yormalar
- Sabzavotlar
- Mevalar
- Dukkaklilar
- Yogʻsiz, terisiz parranda goʻshti
- Baliqlar, shu qatorda yogʻli dengiz baligʻi
- Tuxum
- Tvorog
- Oq shoʻr boʻlmagan pishloq
- Shakar qoʻshilmagan jele
- Kisel
3 guruh - nutritiv qiymati yuqori boʻlgan oziq-ovqatlar
- Kuniga 1 osh qoshiq oʻsimlik moylari (kungaboqar, zaytun moylari)
- Kuniga 30 gr yongʻoq va pistalar
- Kuniga 10-15 gr quritilgan meva
- Kuniga yogʻliligi 2,5% gacha boʻlgan 250 ml achitilgan sut mahsulotlari (kefir, qatiq)
Abdominal semizlikda qoʻllanadigan oziq-ovqat toʻplamlari
Oziq-ovqat mahsulotlari |
Tavsiya qilinadi |
Tavsiya qilinmaydi |
Non va non mahsulotlari |
Butun donli undan tayyorlangan non mahsulotlari |
Oshirma xamirdan tayyorlangan mahsulotlar; kremli xamir mahsulotlar, qatlangan xamir, tortlar, vaflilar |
Baliq |
Yogʻli boʻlmagan (masalan, sudak va boshqalar) va yogʻli (masalan, skumbriya va boshqalar) baliq |
Baliq konservalari; shoʻr, dudlangan baliq turlari; baliq ikrasi |
Goʻsht, parranda goʻshti, jigar, buyrak va shunga oʻxshash mahsulotlar, goʻsht-kolbasa mahsulotlari |
Qaynatilgan yoki dimlangan koʻrinishdagi yogʻsiz mol goʻshti, buzoq goʻshti, parranda goʻshtlaridan qilingan taomlar |
Yogʻli goʻsht; jigar, buyrak va shunga oʻxshash mahsulotlar; goʻshtli konservalar; kolbasa va sosiskalar, sardelkalar |
Sut mahsulotlari va parranda tuhumlari |
Tuxum, sut, tvorog, kefir, qatiq, kam yogʻli atsidofil suti, oq tuzsiz pishloqlar |
Smetana, qaymoq, muzqaymoq, qattiq shoʻr pishloqlar
|
Sabzavotlar |
Har qanday |
Konservalangan sabzavotlar, tuzlamalar |
Mevalar |
Har qanday |
Konservalangan meva va sabzavotlar |
Yogʻlar va moylar |
Qayta ishlanmagan oʻsimlik yogʻlari (kungaboqar, zigʻir, zaytun moylari va boshqalar) |
Hayvon yogʻi; margarin |
Ichimliklar |
Suv, achchiq damlanmagan choy, sutli choy; shakarsiz naʼmatak damlamasi |
Achchiq choy va qahva; alkogolli ichimliklar; meva va sabzavot sharbatlari |
Yongʻoq, bodom, pista-urugʻlar |
Har qanday, 30 g/kuniga |
Shoʻr va shakarli yongʻoqlar |
Qorni katta insonlarda (abdominal semizligi bor shaxslarda) yondosh kasalliklar (hafaqon (qon bosimi yuqori boʻlishi) kasalligi, podagra semizlik, oshqozon-ichak kasalliklari, qandli diabet 2-turi) mavjud boʻlganda ovqatlanish tartibini shifokor tanlab berishi lozim.