Test mode
Sog'lom ovqatlanish
Sog‘lom ovqatlanish deganda 2 ta yo‘nalish mavjud: qaysi oziq-ovqat mahsulotlar iste’molini ko‘paytirish va qaysi oziq-ovqat mahsulotlari iste’molini chegaralash
Iste’molini oshirish lozim oziq-ovqat mahsulotlari:
- Butun donli yormalar
- Yong‘oq va pistalar
- Meva va sabzavotlar
- Dukkaklilar
- Dengiz mahsulotlaridagi omega-3 yog‘ kislotalari
- Sut va sut mahsulotlari
Butun donli yormalar
Butun donli yormalarda ozuqa tolali (kletchatka) ko‘p saqlangani sababli, ular sog‘liq uchun foydali hisoblanadi. Ozuqa tolalari to‘yimlilik g‘issini berib, ishtahani pasaytiradi, oshqozon-ichak foydali bakteriyalari uchun ozuqa manbai hisoblanadi, ich qotishining oldini oladi, qand va xolesterin miqdorini kamaytirishga yordam beradi. Ozuqa tolalarini kuniga kamida 25-30 gramm iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Butun donli yormalarga kepakli un, javdar uni, suli, grechka, jigarrang guruch, makkajo‘xori, arpa, bulgur
Yong‘oq va pistalar
Yong‘oq va pistalarda (kungaboqar pistasi, xandon pista, qovoq urug‘i, bodom) polito‘yinmagan yog‘ kislotalari, o‘simlik oqsillari, ozuqa tolalari, vitamin va minerallar ko‘p. Ularni kuniga 30-60 gramm iste’mol qilish tavsiya qilinadi.
Meva va sabzavotlar
Meva va sabzavotlarda inson tanasi faoliyati uchun kerakli bo‘lgan vitaminlar, minerallar va boshqa foydali moddalar mavjud bo‘lib, tavsiyalarga ko‘ra inson kuniga kamida 400 gramm (5 porsiya) meva va sabzavotlarni iste’mol qilishi zarur (1 porsiya - 80 gramm, 1 musht kattaligida). Dukkaklilar
Dukkaklilarda ko‘p miqdorda o‘simlik oqsillari, ozuqa tolalari, vitamin va minerallar mavjud. Dukkaklilarga mosh, loviya, no‘xot va yasmiq kiradi.
Dengiz mahsulotlaridagi omega-3 yog‘ kislotalari
Omega-3 yog‘ kislotalari polito‘yinmagan yog‘ kislotalari qatoriga kirib ularning iste’moli yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishini oldini oladi va bosh miya faoliyatini yaxshilaydi.
Sut
Sutda kalsiy miqdori ko‘p bo‘ladi, lekin unda to‘yingan yog‘ ko‘p bo‘lganligi sababli yog‘siz sut iste’mol qilish maqsadga muvofiqdir. Kalsiyning yana bir manbai bu oq sedana.
Cheklash kerak bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari:
- Osh tuzi
- Ishlov berilgan go‘sht
- Qizil go‘sht
- Transyog‘lar
- Shirin ichimliklar
Osh tuzi
JSST tavsiyasiga ko‘ra kunlik osh tuo‘i iste’moli 5 grammdan oshmasligi kerak, bu tepasiz 1 choy qoshig‘iga to‘g‘ri keladi. Konservalangan go‘sht, baliq va sabzavotlarda osh tuzi ko‘p bo‘lganligi sababli, ularni iste’moli chegaralanishi lozim. Bundan tashqari, tuzlamalarni ortiqcha iste’mol qilish va tayyor ovqatni qo‘shimcha tuzlash tavsiya qilinmaydi.
Ishlov berilgan go‘sht
Kolbasa, sosiska, qazi, qarta, go‘shtli rulet kabi mahsulotlar o‘zida tuz ko‘p saqlagani uchun iste’moli chegaralanishi tavsiya qilinadi. Bundan tashqari, milliy ishlov berilgan go‘sht mahsulotlari qizil go‘shtdan qilingani va o‘zida to‘yingan yog‘larni ko‘p saqlashi sababli ularni ko‘p iste’mol qilish sog‘liq uchun zararli hisoblanadi.
Kolbasa, sosiskalar o‘zida ko‘p miqdorda sog‘liqqa ziyon qilishi mumkin bo‘lgan konservantlar, rang beruvchi va boshqa sun’iy moddalarni saqlaydi.
Qizil go‘sht
Qizil go‘shtda to‘yingan yog‘lar ko‘p bo‘ladi va ular keyinchalik aterosklerozga olib kelishi mumkin. Kundalik yog‘ iste’moli kattalar ratsionidan joy olgan mahsulotlar umumiy quvvatining 30 foizidan (70 gramm) oshmasligi kerak. Qizil go‘sht o‘rniga ko‘proq oq go‘sht (parranda va baliq) iste’moli tavsiya qilinadi.
Transyog‘lar
Transyog‘lar bu sanoat yo‘li bilan ishlab chiqarilgan yog‘lar bo‘lib, transyog‘lar margarin mahsulotida ko‘p saqlanadi. Transyog‘lar iste’moli kuniga 1% dan oshmasligi kerak. Hozirgi ko‘p qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishda margarin qo‘llaniladi.
Shirin ichimliklar
Toza shakar iste’moli kuniga 25 grammdan oshmasligi lozim, 25 gramm shakar – 5 dona qand bo‘lagiga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik zamonaviy shirin ichimliklarda (gazlangan va gazlanmagan) shakr miqdori juda yuqori. Bundan tao‘qari, ko‘p oziq-ovqat mahsulotlarida “yashirin shakar” bo‘ladi, ya’ni biz ularni iste’mol qilamiz, lekin shirin mazani sezmaymiz. Bularga, masalan, ketchup va tayyor souslar, yog‘sizlantirilgan sut mahsulotlari va boshqalar kiradi.