ELЕKTRON SIGARET HAQIDA

ELEKTRON SIGARETALAR NIMA?
Elektron sigaretalar – koʻp va bir marta ishlatiladigan moslamalar boʻlib, ular elektr toki (akkumulyator) yordamida nikotinli suyuqliklarni (kartrijlarda, rezervuarlarda va boshqa konteynerlarda) qizdiradi hamda isteʼmolchi nafas oladigan aerozolni (bugʻni, tutunni) hosil qiladi. Elektron sigaretalarni veyp, elektron sigara, elektron chilim, deb ham ataladi.
ELEKTRON SIGARETALAR QANDAY TURLARI MAVJUD?
Elektron sigaretalar – koʻp va bir marta ishlatiladigan moslamalar boʻlib, ular elektr toki (akkumulyator) yordamida nikotinli suyuqliklarni (kartrijlarda, rezervuarlarda va boshqa konteynerlarda) qizdiradi hamda isteʼmolchi nafas oladigan aerozolni (bugʻni, tutunni) hosil qiladi. Elektron sigaretalarni veyp, elektron sigara, elektron chilim, deb ham ataladi.
BIR MARTA FOYDALANILADIGAN ELEKTRON SIGARETALAR QANDAY BOʻLADI?
Elektron sigaretalar umuman olganda bitta turga kiradi, deb hisoblansa-da, zaharli moddalar hosil boʻlishi va nikotinni yetkazib berilishi boʻyicha jiddiy farqlanadigan turli toifali guruhni tashkil etadi. Bozorda bunday mahsulotlarning bir nechta turi mavjud: bir marta va koʻp marta foydalaniladigan.
Bir marta foydalaniladigan elektron sigaretalar — monolit elektron qurilma boʻlib, nikotinli suyuqlikni almashtirib yoki qaytadan toʻldirib boʻlmaydigan sigʻimda boʻladi va bu yopiq tizim turiga kiradi.
Shuningdek qurilmada bugʻlatgich va bir marta foydalaniladigan batareya bor.
Suyuqlik tugagandan soʻng, ular tashlab yuboriladi. Qurilma 300 ta va undan koʻp tortishga moʻljallangan.
Agar qurilma 300 ta tortishga moʻljallangan boʻlsa, unda nikotin miqdori bir millilitrda 60 milligrammni (mg/ml) tashkil etadi, bu odatdagi 3 ta quti sigaretadagi nikotin miqdoriga teng.
KOʻP MARTA FOYDALANILADIGAN ELEKTRON SIGARETALAR QANDAY BOʻLADI?
Koʻp marta foydalaniladigan elektron sigaretalar oʻz texnologik prinsipi boʻyicha, nikotinli suyuqlikni isteʼmol qilishni foydalanuvchi tomonidan qanchalik nazorat qilishiga qarab ochiq va yopiq tizimlarga ajratiladi.
- Ochiq turdagi koʻp marta ishlatiladigan elektron sigaretalarga konteyner qoʻshilgan boʻlib, uni qurilmadan ajratib olish va suyuqlik bilan toʻldirish mumkin, yoki ularda suyuqlik quyiladigan ajratib boʻlmaydigan rezervuar boʻladi.
Bunday qurilmalardagi batareya quvvatini va qizdiruvchi elementning haroratini oʻzgartirib sozlash mumkin. Bu aerozol tarkibiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi va bu esa chekuvchilar va atrofdagi odamlarga yanada zararliroq taʼsir etishi mumkin. Baʼzi bir qurilmalarni hattoki, ishlab chiqaruvchi masofadan boshqarishi mumkin.
Suyuqlik tarkibini bevosita isteʼmolchining oʻzi boshqarishi tufayli, nikotin miqdori istalgan miqdorda boʻlishi mumkin (foydalanuvchi uni oʻzi suyuqlikka qoʻshadi), shu tufayli doza (nikotin miqdori) oshirib yuborilishi va zaharlanish yuz berishi mumkin. Chakana savdodagi bunday tizimlar uchun tayyor suyuqliklar haqida soʻz boradigan boʻlsa, undagi nikotin miqdori 60 mg/ml gacha yetishi va undan oshishi mumkin.
- Yopiq turdagi koʻp marta ishlatiladigan elektron sigaretalarda maxsus bir marta ishlatiladigan kartrijlar qoʻllaniladi, ular sanoat usulida nikotinli suyuqlik bilan toʻldirilgan boʻladi va foydalanuvchi suyuqlik tarkibini oʻzgartira olmaydi. Isteʼmolchi suyuqlik tugagandan keyin kartrijlarni sotib oladi va ularni qurilmaga kiritadi. Bunday suyuqliklarda ham nikotin miqdori 60 mg/ml gacha yetishi va undan oshishi mumkin.