Ekofaol xodim
Tiriklik ramzi bo‘lgan toza havo, toza suv va toza muhit, nafasimiz manbai bo‘lmish yashillikka e'tiborli, ekologik madaniyati yuksak, namunali xodimlar har birimizning tashkilotimizda topiladi. Ular haqida hamma bilishini, yaxshi amallar yanada yoyilishini istadik.

Doimo, ozodalik, daraxtlar kesilishiga jonkuyar, turar joy, shahar, ko‘chalarda chiqindilarning yoyilmasligi, vaqtida tozalashlariga bosh-qosh odamlar, hovli-ko‘chasini obod qilib yashaydigan Inson nomiga munosib kishilar shu sahifamizning qahramonlari bo‘lishadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15 may kunidagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi 184- sonli Qarorning 2-ilovasi “Yo‘l xaritasi” ning 53-bandida ko‘rsatilganidek, bundan buyon ekologiya masalasida namunali xodimlarimiz, ularning mulohazalarini sahifamizda bo‘lishib boramiz. Zora, atrof-muhitimiz, yer, suvimiz, daraxtlar haqida qayg‘uradigan insonlarimiz safi borgan sari ortib borsa.
Sog‘liqni saqlash vazirligi salomatlik va strategik rivojlanish instituti nafaqat aholiga sog‘lom turmush tarzi, shaxsiy va yashash muhitida gigiyenaga amal qilish, ozodalik va kasalliklarning oldini olishda ekologik tozalikning targ‘iboti bilan shug‘ullanadi, balki butun institut xodimlari birinchi bo‘lib bularga amal qiladi.
Ko‘rganlar biladiki, institut hovlisi bog‘ni eslatadi. Hududga kirishingizdanoq, chaman ochilgan atirgullar, parvarish qilingan mevali daraxtlarning obod, qarovli ekanini ko‘rasiz. Rayimboy aka bog‘bonimizning qo‘llari dard ko‘rmasin, tomorqaga ham, chamanzorga ham bittayam gard, xazon oralatmaydilar.
Salomatlik va strategik rivojlanish instituti rahbariyati – Amrulla Inoyatov, Nodira Alixonova va institut barcha xodimlarining sa'y- harakati, hissasi bilan har yili yangi ko‘chatlar, mevali bog‘ uchun nihollar ekiladi. Tomorqaga, hatto kichik issiqxonaga savzavotlar, oshko‘klar ham ekiladi. Rayhonlar barq urgan, har biri ipga tortilgan pomidor, bulg‘or ko‘chatlarni ko‘rsangiz, bahri bilingiz ochiladi.
4 tup gilos pishganda xonama-xona xodimlar uchun gilos terib tarqatishlar qanday fayzli! Tushlik paytlari oshko‘klar, garmdoridan barragina uzib chiqib salatga qo‘shib yeyishga nima deysiz?!
To‘g‘ri ovqatlanish, sabzavot va meva iste'molini ko‘paytirishni tavsiya qiluvchi xodimlar o‘zi bunga amal qilsa, ayniqsa, hovlisida yetishtirib parvarishlashga hissa qo‘shsa qanday soz.
O‘zbek xalqi azaldan yaratuvchan, mirishkor bo‘lgan. Bog‘-rog‘ ko‘kartirgan, daraxt ekkan. Suvini, yerini pokiza asragan, chiqindidan uzoq tutgan.
Institut xodimlari – bosh hisobchi Otabek Manazarov, muhandis Temur Ergashev, AKT mutaxassisi O‘rolbek Mahmanazarovlar “oq yoqali” xizmatchilar bo‘lsa-da, ekologiyamiz uchun g‘amxo‘r, o‘z ishxonasi hududini obod, ozodaligi uchun qayg‘uradigan yerparvar, elparvar yigitlar ekanidan xursandmiz.
Olmalarimiz hali kum-ko‘k, mevasi shig‘il hosilga kirgan. Yaqin kunlarda pomidor qizarib pishadi, ana o’shanda boshqa ekofaol xodimlarimiz haqida ham so‘zlab beraman.
Salomatlik va strategik rivojlanish instituti matbuot kotibi Mavluda Toshpo‘latova